Senatning 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi. Hujjat bilan ichki ishlar organlariga jinoyat sodir etgan yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va topishda xususiy OAV imkoniyatlaridan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.

O‘zgartirishlarga asosan, endilikda ichki ishlar organlari o‘z faoliyatlari doirasida jinoyatlar holatlarini, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan, surishtiruv-tergov organlaridan suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni va ma’muriy jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan, shuningdek, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish uchun davlat organlari tomonidan ta’sis etilgan OAVlar bilan bir qatorda boshqa tashkilotlarning ham OAVlaridan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev boshqa tashkilotlar deganda davlat ro‘yxatidan o‘tgan ommaviy axborot vositalari nazarda tutilayotgani, mustaqil jurnalistlar va blogerlar nazarda tutilmayotganini ta’kidladi. Majlisda senatorlar qonunni bir ovozdan ma’qulladi.

Amaldagi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonun”da buning uchun faqat davlat organlari tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanish nazarda tutilgan.

“Bularning barchasi jinoyat sodir etilishining barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash hamda jazoning muqararligini ta’minlashga xizmat qiladi”, — deya izoh berdi mazkur o‘zgartirishga Senat raisi Tanzila Narbayeva.