19-yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti prezident Qosim-Jomart Toqayevning mamlakat tinchlikparvar kontingentini BMTning Yaqin Sharq va Afrikadagi missiyalarida ishtirok etish uchun yuborish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi, deya xabar bermoqda KazTAG.

430 nafar harbiy xizmatchi BMTning Golan tepaliklaridagi bo‘linish bo‘yicha kuzatuvchi kuchlari (UNDOF, Suriya-Isroil), sulh nazorati tashkiloti (UNTSO, Falastin-Isroil), Janubiy Sudandagi missiyasi (UNMISS, Janubiy Sudan) va Abey hududida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvaqqat kuchlari (UNISFA, Sudan) ishida ishtirok etadi.

“Biz harbiy kuzatuvchilar va shtab ofitserlari ko‘rinishidagi xizmatchilar bilan birga, BMT missiyalarida eng ko‘p talab qilinadigan piyoda, tibbiyot, razvedka, muhandislik bo‘linmalarini ham ajratishga tayyormiz”, — dedi Qozog‘iston mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov parlamentda o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Jaqsiliqovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston avval ham bu kabi amaliyotlarda ishtirok etgan, ammo BMT birinchi marta mamlakatga mustaqil missiya uchun mandat berdi. “Biz missiyani o‘z bayrog‘imiz ostida bajaramiz. Bu — eng asosiysi”, — dedi u.

Kontingentni joylashtirish 2024-yil mart oyida boshlanadi. Dastlabki 139 nafar harbiy xizmatchi Golan tepaliklariga zaxira rota sifatida yuboriladi. Buning uchun Qozog‘iston BMT bilan xalqaro shartnoma tuzadi.

Qosim-Jomart Toqayev BMT tinchlikparvar missiyalarida ishtirok etish mamlakat qurolli kuchlariga zarur jangovar ko‘nikmalarni egallash imkonini berishini ta’kidladi.

“Kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida mintaqaviy va milliy xavfsizlikka oid yangi xavf hamda tahdidlar paydo bo‘lmoqda, ularning ba’zilari harbiy javob choralarini talab qilishi mumkin. Shu sababli qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini yanada mustahkamlash va zamonaviy tahdidlarga qarshi turishda amaliy tajriba orttirish masalasi alohida dolzarbdir”, — dedi Qozog‘iston rahbari yig‘ilishda.

  • Qozog‘iston tinchlikparvar bataloni 2000-yilda tashkil etilgan. 2003-yilda 27 kishidan iborat “Kazbat” nomli ilk muhandislik va sapyor otryadi Iroqqa yuborilgan. 2014-yildan buyon mamlakatning 60 ga yaqin harbiy xizmatchisi, jumladan, olti nafar ayol BMTning Kot-d'Ivuar, G‘arbiy Sahroi Kabir, Livan, Markaziy Afrika Respublikasi va Malidagi missiyalarida qatnashgan. 2018-yildan beri 530 dan ortiq qozog‘istonlik harbiy xizmatchi Livandagi missiyada xizmat qilib kelgan.
  • Hozirda Qozog‘iston Qurolli kuchlarining to‘qqiz nafar ofitseri Livan, olti nafari G‘arbiy Sahroi Kabir, ikki nafari Mali va yana shunchasi Markaziy Afrika Respublikasida xizmat qilmoqda.