Tadbirkorlarga ekoturizm obyektlarini qurish uchun davlat qo‘riqxonalari va o‘rmonlardan yerlar beriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-yanvarda imzolagan ekologik turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan (hujjat nusxasi “Gazeta.uz”da bor).

Qayd etilishicha, davlat qo‘riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar (qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan yer uchastkalari turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlarga ijaraga beriladi.

Yerlar ularning toifasi o‘zgartirilmagan holda Ye-auksion elektron savdo platformasi orqali faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi. U yerda quriladigan turistik obyektlar yengil va tez quriladigan konstruksiyali hamda ekologik toza qurilish materiallaridan qurilishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlar ekohududda noyob tabiiy obyektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ekohududlarni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar klasterlarda turizm xizmatlarini ko‘rsatishda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik masalasiga qaratiladi.

Qarorga ko‘ra, ekohududlarda hududning mavjud tabiiy resurslaridan kelib chiqqan holda turistik so‘qmoqlar, selfi zona va piknik zonalar, manzarali tomosha qilish maydonchalari va hayvonlarni masofadan kuzatish imkonini beruvchi fototurlarni tashkil qilinishi, shuningdek, kemping, glemping, o‘tov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalarini yo‘lga qo‘yilish rejalashtirilmoqda.

Bu hududlarning kirish qismida elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, ko‘chma restoranlar mavjud bo‘lgan avtoturargohlar tashkil qilinadi. Chiqindilarni tashlash va yo‘l ko‘rsatkichlari hamda ekologik talablarga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtiriladi.

Ijaradan tushgan mablag‘larning 50 foizi davlat qo‘riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar yerlaridan doimiy foydalanuvchilarga, 10 foizi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga, 40 foizi Ekologiya jamg‘armasiga o‘tadi.

Bundan tashqari, 2024-yil 1-sentabrga qadar “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushiriladi. Undan ekohududlardagi turistik klasterlar elektron xaritasi, taqdim etiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, oldindan band qilish, mavjud tog‘ va g‘orlar, turistik so‘qmoqlar hamda ularning imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joy oladi.