Pokiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari Eron janubi-sharqidagi Siston va Balujiston hududlarida “terrorchilar boshpanalariga yuqori muvofiqlashtirilgan zarbalar” yo‘lladi. Vazirlikning bildirishicha, harbiy amaliyotlar natijasida bir necha kishi yo‘q qilingan.

Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, mamlakatda Eronda yashiringan kelib chiqishi pokistonlik jangarilar tomonidan “yaqinda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli terrorchilik faoliyati” haqida “ishonchli ma’lumotlar” mavjud. Zarbalardan maqsad Pokiston xavfsizligi va milliy manfaatlarini ta’minlash bo‘ldi, deyiladi bayonotda.

Ayni shu bayonotda aytilishicha, Pokiston “Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi”.

Anadolu agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston armiyasi Pokiston va boshqa qator mamlakatlarda terrorchi deb tan olingan “Belujiston ozodlik armiyasi” harbiylashtirilgan guruhining yettita nishoniga hujum qilgan.

Eronning “Mehr” agentligi xavfsizlik xizmatidagi manbaga tayanib, portlashlar Saravan shahri yaqinida sodir bo‘lganini yozmoqda. Qayd etilishicha, hujum oqibatida yetti nafar chet el fuqarosi — uch ayol va to‘rt nafar bola halok bo‘lgan. Agentlikning keltirishicha, zarbalar dron va raketalar yordamida amalga oshirilgan.

  • 16-yanvar kuni Eron Pokistonda joylashgan “Jaysh al-Adl” (Adolat armiyasi) terrorchilik guruhi shtab-kvartirasiga hujum qilgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida ikki bola halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan. Vazirlik Tehronni bu harakatlar javobsiz qolmasligidan ogohlantirgandi. Pokiston ham Erondagi elchisini chaqirgan.