Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi (hujjat nusxasi tahririyatda mavjud).

Hujjatda qayd etilishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash hamda turizmda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

  • turistik industriya obyektlari, madaniyat tashkilotlari va madaniy meros obyektlari, shu jumladan muzey, teatr va joylashtirish vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasidagi subyektlarni, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari egalari hamda transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, sayohat davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni rag‘batlantirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘siqsiz sayohat qilishlari uchun respublikada yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;
  • zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm industriyasi obyektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish.

2024-yildan boshlab madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plantus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun obyektlarning kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlari o‘rnatiladi. Ular to‘g‘risida Brayl alifbosida ma’lumotlar joylashtiriladi.

Temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qo‘yiladi.

2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagilar qoplab beriladi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida I va II guruh nogironligi bo‘lgan 1000 nafar shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so‘mdan oshmagan qismi;
  • eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi.

Mehmonxona xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2024-yil 1-apreldan 2026-yil 1-aprelgacha Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilgan turistik (mehmonxona) yig‘imlari summasidan chorak yakunlari bo‘yicha subsidiya oladi.

Bundan tashqari, mehmonxonaning kamida 3 ta xonasini nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlasa, shuningdek, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatsa, ularga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:

  • yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 mln so‘m;
  • yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 mln so‘m.

Turizm qo‘mitasiga Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda 1-aprelga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda to‘siqsiz turizmni rivojlantirish standartlarini ishlab chiqish topshirildi.

Shu bilan birga, yulduz toifali mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun aravachalar va qo‘ltiqtayoqchalarning bo‘lishini, mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, motellar, sanatoriylar va boshqa turistik obyektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratish vazifasi qo‘yildi.