Qirg‘izistonda ikkinchi kun xavfsizlik kuchlari mustaqil nashrlarda tintuv o‘tkazdi va jurnalistlarni so‘roqqa olib ketdi. Seshanba kuni politsiya “Ayt Ayt Dese” va Temirov Live mustaqil ommaviy axborot vositalarining sobiq va amaldagi xodimlarini tintuv qildi. Bundan bir kun avval esa 24.kg tahririyatida tintuv o‘tkazildi. “Gazeta.uz” vaziyatga aloqador ma’lumotlarni taqdim etadi.

Nima bo‘ldi?

16-yanvar kuni ertalab Qirg‘iziston militsiyasi “Ayt Ayt Dese” va Temirov Live mustaqil loyihalarining kamida o‘n nafar sobiq va amaldagi xodimlarining uylarida tintuv o‘tkazdi. Ular orasida loyiha direktori Mahabat Tojibek qizi, shuningdek, jurnalistlar Sapar Akunbekov, Azamat Ishenbekova, Aike Beyshekeyeva, Joudar Buzumov va boshqalar bor. Barcha jurnalistlar so‘roq qilish uchun Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Bundan tashqari, Temirov Live ofisida ham tintuv o‘tkazilgan. Xavfsizlik kuchlari texnikalarni olib ketib, binolarni muhrlab qo‘ygan. 24.kg`ning qayd etishicha, Temirov Live ofisida va Maxabat Tojibek qizining uyida tintuv advokatlarsiz o‘tkazilgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, militsiya xodimlari ijtimoiy tarmoqlardagi loyiha sahifalaridan birida aniqlagan ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar bo‘yicha jinoiy ish doirasida qidiruv va so‘roqlar olib borilmoqda.

“12-yanvar kuni ekspertiza xulosasiga ko‘ra, „Ayt Ayt Dese“ va Temirov Live sahifalarida e’lon qilingan materiallarda norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarga chaqiriq belgilari borligi aniqlangan. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov xizmati tomonidan tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 3-qismi (hokimiyat mansabdor shaxslarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqirish, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik, shuningdek, jinoyat sodir etishga chaqirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, — dedi mamlakat Ichki ishlar vazirligi.

Bayonotda qaysi maqola yoki xabar bunga sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Bir kun avval, 15-yanvar kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari 24.kg agentligi ofisida ham tintuv o‘tkazgan, shundan so‘ng tahririyat rahbariyatini so‘roqqa olib ketgan. Agentlikning tahririyat jihozlari musodara qilingan.

Keyinroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tintuv va so‘roqlar “urush tashviqoti” moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

The Insider nashrining vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib yozishicha, jinoiy ish Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan Qirg‘iziston fuqarosi haqidagi maqola tufayli ochilgan.

So‘roqqa olib kelingan 24.kg bosh direktori Asel Otorboyeva va nashr bosh muharriri Anton Limar, Mahinur Niyozova guvoh sifatida ozod etildi. Ularning barchasi ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

24.kg axborot agentligi Qirg‘izistonda 2006-yildan beri faoliyat yuritib keladi. Asel Otorbayeva tomonidan asos solingan.

Reaksiyalar

Bir qator xalqaro va qirg‘iz tashkilotlari zudlik bilan 24.kg tahririyatidagi tintuvlar yuzasidan bayonotlar e’lon qildi.

Norvegiyaning Xelsinki qo‘mitasi (Norwegian Helsinki Committee) xavotir bildirdi va BMTning fikr erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi idorasidan Qirg‘iziston hukumati oldida bu masalani ko‘tarishni so‘raganini bildirdi.

YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro ham vaziyat sabab chuqur xavotir bildirdi. “Bunday jinoiy tergovlar ommaviy axborot vositalari erkinligiga va mamlakatdagi jamoatchilikni qiziqtirgan muhim masalalarni yoritishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi u.

Qirg‘iziston Ombudsmani Jamila Jamanboyeva huquq-tartibot idoralariga mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolarning so‘z erkinligi huquqlarini hurmat qilish muhimligini eslatib, jurnalistlar huquqlarini himoya qilishga va’da berdi.

“Ombudsman instituti o‘z vakolatiga muvofiq jurnalistlar huquqlarini himoya qiladi va davlat organlarini ommaviy axborot vositalari vakillarining huquqlari hurmat qilinishini ta’minlashga chaqiradi”, — deyiladi ombudsman bayonotida.

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari va media tashkilotlari vakillari ham 24.kg`ni qo‘llab-quvvatladi. “24.kg agentligidagi tintuvning 1,5 soatdan ortiq vaqt davomida OAV advokati ishtirokisiz o‘tkazilgani tergov organlari tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish ehtimoli haqida savol tug‘diradi”, — deyiladi ularning murojaatida.

Murojaat mualliflarining ta’kidlashicha, 24.kg tahririyati ishlagan yillar davomida “bosqinchilik va harbiy harakatlarga chaqiriqlarda sezilmagan” va “vakolatli organlardan hech qanday talab yoki huquqni muhofaza qilish organlaridan ogohlantirishlar” olmagan.

“Biz 24.kg agentligidagi tintuvni nafaqat OAV xodimlari, balki fuqarolarning so‘z erkinligi va ma’lumot olish huquqlariga nomutanosib aralashuvning ko‘rinishi deb hisoblaymiz”, — deya xulosa qildi mualliflar.