2023-yil 20-iyul kuni Farg‘ona shahar Yangi Asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgani haqida xabar berilgandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish), 118 (Nomusga tegish) va 119 (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Farg‘ona viloyati sudlari axborot xizmati xabar qilishicha, ish bo‘yicha sud bo‘lib o‘tgan.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2024-yil 15-yanvardagi hukmi bilan sudlanuvchi voyaga yetmagan M.S.ga Jinoyat kodeksi 25, 97-moddasi 2-qismining “v, z, o” bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida odam o‘ldirish), 118-moddasining 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish), 119-moddasining 4-qismi bilan (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) ushbu kodeksning 85-moddasi hamda 59-moddasining 3-qismi tartibida 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi voyaga yetmagan D.A.ga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “v, z, o” bandlari, 118-moddasining 4-qismi va 119-moddasining 4-qismi bilan ushbu kodeksning 85-moddasi hamda 59-moddasining 3-qismi tartibida 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sudlanuvchi voyaga yetmagan B X.ga Jinoyat kodeksi 241-moddasining 2-qismi bilan (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) kodeksning 62, 84−1-moddalari tartibida 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganligi ma’lum qilinadi.

Hukmdan norozi taraflarga shu sud orqali tegishli muddatda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqi tushuntirilgan.