Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov 2023-yilda “103” xizmatiga jami 3505 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichni 2022-yil bilan taqqoslansa, asossiz murojaatlar soni sezilarli darajada kamayganini ko‘rish mumkin. Ammo shunga qaramay, ayrim hududlarda yolg‘on murojaatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.

2023-yilning o‘tgan 12 oyi davomida eng ko‘p bunday chaqiriq quyidagi hududlardan kelib tushgan:

  • Toshkent viloyatida — 630 ta;
  • Farg‘ona viloyatida — 518 ta;
  • Qashqadaryo viloyatida — 502 ta.

Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Samarqand viloyatida (19 ta) ro‘yxatga olingan.

“Yolg‘on chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib bora olmaydi. Oqibatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolg‘on qo‘ng‘iroq egasi va uning manzilini aniqlashtirish bilan ovora bo‘ladi. Bu esa og‘ir bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi aniq”, — dedi Abduvoitjon Gafurov.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 5 ming 446 ta murojaat yolg‘on chaqiriq deb baholangan.

Ayni vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda maxsus xizmatlarni, jumladan, ichki ishlar organi, yong‘inga qarshi xizmat, tibbiy tez yordamni qasddan aldab chaqirganlik uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (330 ming so‘mdan 990 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bergan izohga ko‘ra, kodeksda javobgarlik belgilanganiga qaramay, jarimalarni qo‘llash tartibi bo‘yicha nizom mavjud emas. Vazirlik tomonidan e’lon qilingan 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada yolg‘ondan chaqirganlarni chaqiruv xarajati miqdorida jarimaga tortish taklif etilgan. Bir martalik chaqiruv xarajati bugungi kunda 178 ming so‘mni tashkil qiladi.