14-yanvar kuni Nuz.uz (“Novosti Uzbekistana”) nashri o‘z muxbiri Mixail Dovlatov jurnalistik surishtiruv olib bormoqchi bo‘lganida Toshkent shahri Uchtepa tumani huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlangani haqida xabar berdi.

Unda aytilishicha, muxbir Uchtepa tumani 11-dahada yashovchi fuqarolardan kelib tushgan so‘rov bo‘yicha vaziyatni yoritishga borgan. Odamlar taxminan 150 ta garaji va avtoturargohda o‘sadigan 98 ta daraxt o‘rniga bolalar bog‘chasi qurishmoqchi ekanliklaridan shikoyat qilgan. Vaziyatni joyida o‘rganish uchun 14-yanvar kuni soat 13:00 da uchrashishga kelishilgan. Unga Uchtepa tumani hokimligi vakillari, ekologlar va boshqa mutaxassislar ham taklif etilgan.

“Avtoturargohga kiraverishdan 50 metr narida bir guruh erkaklarga ko‘zim tushdi, ularning ba’zilari huquq-tartibot idoralari kiyimida edi, kiraverishda Isuzu ham to‘xtab turgandi. Ularning yonidan o‘tgach, menga gapirishayotganini eshitdim, orqaga o‘girildim va fuqarolik kiyimidagi bir kishi yana meni chaqirdi. Gap nimada ekanini bilish uchun unga yaqinlashdim. U menga bu yerda chekish taqiqlanganini aytdi. Men unga bu yerda chekishni taqiqlovchi belgilar bormi? deya savol berdim. U esa bu yerda hamma narsa jamoat hududiga kirishi va umuman chekish mumkin emasligini aytdi”, — deydi u.

Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng u bilan gaplashib olishlari kerakligi aytilgan va tumandagi 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib borilgan. Bu jarayonda uning telefoni va jihozlari olib qo‘yilgan. Suhbat davomida unga qonunning jamoat joylarida chekish taqiqlangan bandini ko‘rsatishgani, bundan tashqari, ruxsat etilmagan miting uyushtirishga uringani aytilmoqda.

Mixail Dovlatov mazkur jarayonda 5 soat davomida ushlab turilganini ta’kidladi. “Kun oxirida meni fuqarolik kiyimidagi boshqa shaxsning oldiga olib kelishdi, u yerda taqdim etilgan 194-moddani (Ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga rioya qilmaslik) eshitdim va uni o‘qib chiqqanim haqida imzo chekdim… Telefonimga jarima haqida SMS kelganini ham payqadim, u qanday asosda berilgani aniq emas”, — deydi muxbir.

Nuz.uz tahririyati mas’ul idoralarni vaziyatni o‘rganishga chaqirdi, chunki O‘zbekistonning bir nechta qonunlari “birdaniga qo‘pol ravishda buzilgan”. Jurnalistga axborotni erkin olish va tarqatish, shuningdek, o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishda himoya qilishni kafolatlaydigan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Tahririyatning qayd etishicha, qamoqqa olish tartibi va qoidalari ham buzilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ma’muriy qamoq uch soatdan ko‘p bo‘lmasligi mumkin, alohida zarurat tug‘ilgan hollar bundan mustasno.

Ma’muriy qamoqqa olish vaqtida shaxs o‘zining joylashgan joyi to‘g‘risida qarindoshlariga, advokatiga yoki ish yoki o‘qish joyiga xabar berishni so‘rashi mumkin. Mixail Dovlatovga bunday huquq berilmagan.

Xodimlar ham o‘zlarini tanishtirmagan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatmagan, bu ham qoidabuzarlik hisoblanadi.

Nuz.uz`ning xabar berishicha, Mixail Dovlatov bilan uchrashishi kerak bo‘lgan ayrim fuqarolar “salkam bir kun” (nashr xabarni e’lon qilgan vaqtda) 2-ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgan. Tahririyat xodimlarning ushbu shaxslarga nisbatan harakatlarining qonuniyligini tekshirishni so‘radi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati hozircha voqea yuzasidan izoh bermadi.

AOKA munosabati

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat bo‘yicha munosabat bildirar ekan, mamlakat qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilganini eslatib o‘tdi.

“Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81- va 82 moddalarida davlat OAV faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi, shuningdek, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan”, — deyiladi unda.

AOKA, shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunlarida ham jurnalistning daxlsizligi, uning axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqlari va kafolatlari, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik batafsil tavsiflanganini ta’kidladi.

“AOKA mazkur holatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati yubordi”, — deya ma’lum qildi agentlik.

Tashkilot, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.