Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident raisligidagi selektorda ma’lum qilindi.

“Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Inspeksiya faqat kamchilik aniqlaydigan idoraga aylanib qolgani, profilaktika bilan esa ishi yo‘qligi, tizimida korrupsiya ulushi yuqoriligi tanqid qilindi”, — deyiladi xabarda.

“budjet mablag‘ini taqsimlash ham, uni nazorat qilish ham bitta vazirlikda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani ta’kidlandi. Shu bois Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi ham Bosh prokuratura Departamentiga o‘tkaziladi”.

Shu bilan birga Hisob palatasi xodimlari budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 12 ta vazirlikka biriktiriladi. Vazirliklarning har bir xarajati ular bilan kelishilgandan keyin amalga oshirilishi belgilandi.

Umuman, Departament va Hisob palatasi birgalikda ishlab, yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar bo‘ladi.

Avvalroq Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tergov yuritish vakolati berilishini xabar qilgandik.