16-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir necha tumanlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda budjet tushumi uchun eng katta zaxira yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotish ekani ta’kidlandi.

2023-yilda bundan 1 trillion so‘m tushum bo‘lgan, 12 mingta yangi loyihalar qo‘shilgan. Lekin joylardagi sustkashlik bois o‘tgan yili 3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum boy berildi, deyiladi xabarda.

Bosh vazir Abdulla Aripovga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq (Andijon viloyati), Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy (Toshkent shahri) tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi.

Davaktiv agentligi yerlarni auksionda sotish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik rejani tumanbay ishlab chiqishi va ijrosini ta’minlashi belgilandi.

Tumanning master rejasi bo‘lsa, bu juda katta mablag‘, tadbirkorlar va bandlik uchun manba bo‘ladi, dedi prezident. Lekin hozirgacha bor-yo‘g‘i 17 ta kichik aholi punktining master rejasi tayyorlangani ma’lum qilindi.

Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yil yakuniga qadar 70 ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berildi.