Yashirin iqtisodiyot bilan kurashishni yaxshilash uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylantiriladi, uning rahbari bosh prokuror o‘rinbosari bo‘ladi. Bu haqda prezident raisligidagi selektorda ma’lum qilindi.

“Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu — yashirin iqtisodiyot tahlillar xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida o‘nlab trillion so‘mlik mahsulot “soya”da qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion so‘m, budjetga 30 trillion so‘m tushum yo‘qotilmoqda” — dedi prezident

Masalan, qurilish korxonalarining 41 foizi hisobotida faqat 1 nafar ishchisini ko‘rsatgan. Vaholanki, bu korxonalar o‘tgan yilni o‘zida 4 trillion so‘mlik qurilish ishlarini bajargan. Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaligida 1 tadan rasmiy ishchi ro‘yxatdan o‘tgan.

“Bir narsani aniq tushunish zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta to‘siq bo‘layapti. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar „qani adolatli raqobat“ degan haqli e’tirozlarini ko‘p-ko‘p aytayapti”, — dedi davlat rahbari.

Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta organ tarqoq holda shug‘ullanmoqda. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit ish tizimi yo‘q. Shuning uchun yashirin iqtisodiyot bilan kurashish yangi pog‘onaga olib chiqilishi qayd etildi.

“Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi. Shu paytgacha Departamentning tergov yuritish vakolati bo‘lmagani va qonunlarda juda ko‘p huquqiy kolliziyalar mavjudligi sababli samarali ishlay olmadi. Misol uchun, hozirgi kunda “obnal firma”ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish olti oygacha vaqt oladi. Bu davrda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburonlar barcha noqonuniy ishlarini yakunlashga ulguradi”, — deya xabar qildi.

Shularni hisobga olib, Departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Uning rahbari bir vaqtning o‘zida bosh prokuror o‘rinbosari bo‘ladi.

Departamentga eng zamonaviy axborot tizimlari, maxsus vositalar olib beriladi, iqtisodiy sohalar va chet tillarini mukammal biladigan, fidoyi va vatanparvar mutaxassislar tanlab olinadi.

Departament huzurida Ilmiy-tahliliy va o‘quv markazi ochiladi. Markaz yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqadi, tizim xodimlarini iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitadi.

Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tashkil qilinadi.

Departament 5 ta muhim yo‘nalish: qurilish, farmatsevtika, alkogol va tamaki, noqonuniy import, naqdlashtirish va kapitalni noqonuniy chetga olib chiqish borasida keskin o‘zgarish qilish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.