Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning aytishicha, avvalroq qochib ketgan Jogorku Kenesh (parlament) deputati Emil Jamg‘irchiyev “Salimboy” laqabi bilan tanilgan O‘zbekistondagi tadbirkor Salim Abduvaliyevdan ““ikki do‘st”ni yo‘q qilishga yordam berishni” so‘ragan.

“Menga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, [Jamgirchiyev] Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, „Salimboy“ laqabli kriminal avtoritet Salim Abduvaliyev bilan uchrashib, „ikki do‘stni“ yo‘q qilishga yordam berishni so‘ragan”, — dedi Japarov “Kabar” axborot agentligi bilan intervyusida.

Kloop, Kaktus.media va Sputnik agentligining qayd etishicha, qirg‘izistonliklar prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyevni “ikki do‘st” yoki qirg‘iz tiliga tarjima qilingan “eki dosami” deb atashadi.

Qirg‘iziston rahbari deputat ishi bo‘yicha tergovni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari O‘zbekiston maxsus xizmatlari bilan birgalikda olib borishganini qo‘shimcha qildi. “Natija qanday bo‘lishi menga qiziq emas”, — dedi u.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari Jamg‘irchiyevga nisbatan 2022-yil dekabrida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda gumon qilib, jinoiy ish qo‘zg‘atgani haqida yozgan edi. O‘zbekistonda bundan tashqari, u firibgarlikda ham gumon qilinmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbariga ko‘ra, Jamg‘irchiyev bir necha oydan beri O‘zbekistonda hibsda saqlanayotgan Salim Abduvaliyev bilan uchrashish uchun chegarani noqonuniy kesib o‘tgan. So‘roq paytida Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini va “undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini” tasdiqladi.

Jamg‘irchiyevning qayerda ekani 9-yanvar, parlament binosidan qochib ketganidan beri ma’lum emas. 10-yanvar kuni Jogorku Kenesh deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga rozi bo‘ldi. 12-yanvar kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Jamg‘irchiyev so‘roq qilingani va tergov organlariga kelish majburiyati ostida qo‘yib yuborilgani haqida xabar berdi.