O‘zbekistonda 1-martgacha tadbirkorlarning barqarorlik reytingini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni uning ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, reytingda tadbirkorlarni faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni va ish haqi kabi 23 ta mezon bo‘yicha 4 toifaga bo‘lish ko‘zda tutilgan.

Reyting soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida tuziladi. Har bir tadbirkor real vaqt rejimida o‘z o‘rni va bahosini bilib borishi mumkin bo‘ladi.

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kun ichida, boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar uch kun ichida qaytariladi. Tovarlarni import qilish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

Auksion orqali sotib olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda agar tadbirkor kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.

“Bunday reyting shuning uchun ham muhimki, endi tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Boshqa tomondan, reyting “tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobat xavfidan ogohlantiruvchi himoya tizimiga” aylanishi kerak. Bu orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish reja qilingan.

Shavkat Mirziyoyev tizimni puxta ishlab chiqish, uning adolatli va samaradorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

“Tadbirkorlar sinfi jamiyatda yetakchi kuchga aylanmoqda, yoshlar ularga qarab intilmoqda. Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar o‘rtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan bo‘lishni rag‘batlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini ta’minlashda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining o‘rni katta bo‘lishi kerak”, — dedi prezident.

Davlat rahbari reytingi past tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, faoliyatini jonlantirish va tiklashda ko‘maklashish muhimligini ta’kidladi.

Reytingni joriy etish masalasi prezidentning o‘tgan yozda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida muhokama qilingan edi.