16-yanvar kuni Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keladi, deya xabar bermoqda YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Tashrif davomida Margaritis Sxinas prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

“Men Markaziy Osiyoning barcha beshta davlatiga sayohatni boshlayman. Tashrif 29−30-yanvar kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan „Yevropa — Markaziy Osiyo“ investorlar forumi oldidan bo‘lib o‘tadi hamda Yevropa Ittifoqi va mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikning ortib borayotganidan dalolat beradi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga ikki yil avval — 2021-yilning noyabr oyida kelgandi. Yevrokomissiya vitse-prezidenti o‘shanda davlat rahbari bilan uchrashib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.