Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari dunyodagi ish joylarining deyarli 40 foiziga bir qismini almashtirib, qolganlarini to‘ldirish yo‘li bilan ta’sir qiladi, deydi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva.

“Sun'iy intellekt dunyodagi ish joylarining deyarli 40 foiziga ta’sir qiladi, bunda texnologiya kasblarning ba’zilarini almashtiradi, boshqalarini esa to‘ldiradi. Uning potensialidan foydalanishda bizga ehtiyotkor siyosiy muvozanat kerak”, — deb yozadi Georgiyeva XVJ tahliliga tayanib.

Jamg‘arma rahbarining ta’kidlashicha, tarixda avtomatlashtirish va axborot texnologiyalari insonlarning kundalik vazifalariga ta’sir ko‘rsatgan, biroq “SIning xususiyatlaridan biri uning yuqori malakali kasblarga ta’sir qilish qobiliyati hisoblanadi”.

“Natijada rivojlangan iqtisodlar sun’iy intellekt bilan bog‘liq ko‘plab xavf-xatarlarga duch keladi, biroq ular SIdan foyda olishda shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan iqtisodlarga nisbatan yaxshiroq imkoniyatga ham ega”, — deb yozadi Georgiyeva.

Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda, XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlarining ulushi 60 foizni tashkil etadi, ularning qariyb yarmi yangi texnologiyadan foyda ko‘rishi mumkin. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizni, daromadi past mamlakatlarda esa 26 foizni tashkil etadi.

XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlardagi mehnat bozorining sun’iy intellekt ta’siriga moyilligi kamroq, chunki ularning ko‘pchiligida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun infratuzilma yoki malakali mutaxassislar yetishmaydi. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi global tengsizlikning kuchayishi xavfini oshiradi, dedi Georgiyeva.

“[SI rivojlanishining] aniq ta’sirini oldindan aytish qiyin, chunki SI iqtisodiyotlar bo‘ylab turli yo‘llar orqali suzib yuradi. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz sun’iy intellektning ulkan salohiyatidan insoniyat manfaati uchun xavfsiz foydalanish imkonini beruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqishimiz kerak”, — deya ta’kidlaydi Georgiyeva.

U rivojlangan mamlakatlarni innovatsiyalar va SI integratsiyasini birinchi o‘ringa qo‘yishga, shuningdek, “xavfsiz va mas’uliyatli muhit” yaratish uchun “mustahkam” me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishga chaqirdi.

“Shakllanayotgan bozorga ega va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ustuvor vazifa raqamli infratuzilma va malakali ishchi kuchiga sarmoya kiritish orqali mustahkam poydevor yaratish bo‘lishi kerak”, — deya xulosa qilgan XVJ rahbari.