“O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Sirdaryo viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Boyovut tumanida joylashgan “B.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga tortilgan gaz quvuri ko‘zdan kechirilgan. Gaz hisoblagichdan oldin yer ostidan shoxobcha hududiga gaz quvuri olib kirilib, rezina shlang orqali tabiiy gazni sotishga yo‘naltirilgan holda undan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Buning oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 62 milliard 488 million so‘mni tashkil etgan.

Iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.