Prezident, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi islohotlar jarayoniga yigit-qizlarni keng jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga e’tibor qaratdi, deyiladi xabarda.

qurolli kuchlar, shavkat mirziyoyev, xavfsizlik kengashi

“Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, — dedi prezident.

U zamonaviy kasblarga o‘qitish va mehnat faoliyatini boshlashi uchun subsidiyalar shaklida qo‘llab-quvvatlash orqali Qurolli kuchlar infratuzilmasi negizida va monomarkazlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

qurolli kuchlar, shavkat mirziyoyev, xavfsizlik kengashi

Majlisda mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlarning harbiy tayyorgarligini oshirish hamda harbiy ilm-fanni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Oliy bosh qo‘mondon jangovar tayyorgarlik tizimini innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy harbiy va ilmiy ishlanmalarni amalga joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘zbekiston milliy xavfsizligini ta’minlashda axborot va kiberxavfsizlik muhim vazifalar bo‘lib qoladi, dedi davlat rahbari.

U Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, shuningdek, vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot makoniga birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Milliy armiya va aholi o‘rtasida kiberxavfsizlik sohasida ogohlik xamda raqamli madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan eng muhim vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda mudofaa sanoati majmuasini rivojlantirish, davlat chegaralarini qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen halokatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishini qayd etdi.