AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) missiyasi direktori Devid Xofman 10-yanvar, chorshanba kuni, jurnalistlarning Toshkentdagi havo sifati yomonligi haqidagi savollariga javob berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar qilmoqda.

AQSh elchixonasi hududidagi havo sifati datchigi seshanbadan keyin ishlamay qolgani haqidagi savolga javob berarkan, elchi “Tekshirishga ruxsat bering”, dedi va telefonini ochdi. Mana shu kundan keyin datchik yana ishlay boshladi.

havo ifloslanishi, iqair, toshkent havosi

Jonatan Xenik.

“Albatta, vaqti-vaqti bilan jihozlarimiz texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi, ba’zida muammolar ham bo‘ladi. Ammo biz havo sifatini mustaqil baholashni va butun mamlakat bo‘ylab havo sifati monitoringi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz”, — dedi Jonatan Xenik.

“Bu barcha hukumatlar uchun jiddiy muammo”, — deb davom etdi u. “Bu — davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati hamkorligi hamda ommaviy axborot vositalarining harakatini talab qiladigan masala. O‘ylaymanki, agar birgalikda ishlasak, kelgusi yillarda havo sifati yaxshilanishini ko‘rishimiz mumkin”.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu bosqichda, eng muhimi, “havoni ifloslantiruvchi manbalar nima ekani, shuningdek, ushbu muammoni hal qilish uchun qanday choralar va investitsiyalar zarurligi haqida tasavvurga ega bo‘lishdir”. “Menimcha, muammoni o‘rganish uchun ko‘proq ish qilish mumkin”, — dedi u.

Ammo hukumat bu muammoni yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi, deya davom etdi elchi. “Men O‘zbekistonning barcha fuqarolarini buni shaxsiy muammo sifatida qabul qilishga chaqirgan bo‘lardim, chunki bu hammaga — sizga ham, oilangizga ham, farzandlaringizga ham tegishli muammo. Shuning uchun bu muammo bilan shaxsan qiziqish va hukumatni muammoni o‘rganishga va zarur choralarni ko‘rishga undash kerak”, — deya ta’kidladi Jonatan Xenik.

USAID vakolatxonasi rahbari Devid Xofman vaziyatni yaxshilash uchun ham hukumat, ham fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlari zarur, degan fikrga qo‘shildi.

“Men Toshkentda yashayman, kichik yoshdagi bolalarim bor. Shu bois aytishim mumkinki, Toshkentda yashaydigan ko‘pchilik qatori men ham havo sifati bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib boraman va havo toza bo‘lishi uchun o‘zim ham, oilam ham chora ko‘rishga harakat qilamiz”, — dedi missiya rahbari.

havo ifloslanishi, iqair, toshkent havosi

Devid Xofman.

“Albatta, men Toshkent havosini tozalashga yordam beradigan har qanday chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayman. Misol uchun, bu jamoat transportidan foydalanishni oshirish bo‘yicha hukumat choralarini o‘z ichiga olishi mumkin. Agar biror joyga piyoda yoki mashinada borish o‘rtasida tanlov bo‘lsa, men va oilam piyoda yurishni afzal ko‘ramiz. Shunday qilib, havo sifatini yaxshilashga kichik hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Albatta, IQAir kabi obyektiv manbalardan ko‘rib turganimizdek, Toshkentda hali qilinadigan ishlar ko‘p”, — dedi Devid Xofman.

Jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va jamoat transportiga sarmoya kiritish bilan bir qatorda, rasmiylar tartibga solish va rejalashtirishga, xususan, biznes va sanoatga e’tibor qaratishlari kerak. “Men havo sifati bo‘yicha mutaxassis emasman, oddiy fuqaroman va boshqalar kabi havodan nafas olaman, lekin bular biz dunyo bo‘ylab ko‘rgan amaliyotlardan hisoblanadi”, — dedi u.

“Bu masala, masalan, Los-Anjeles kabi men yashagan shaharlarda ham dolzarb edi: 1970−1980-yillardagi dahshatli tutun. Hukumatning ham, fuqarolik jamiyatining ham sa’y-harakatlari vaziyatni yaxshilashga yordam berdi — ideal emas, lekin 20−30 yil oldingiga qaraganda hozir ancha yaxshi. Toshkentda ham xuddi shunday choralar ko‘rilmasligi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman”, — dedi Devid Xofman.