Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar tahlili va kelgusi vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston aholisi 2 million nafardan oshdi. Har yili mehnat bozoriga 50 ming aholi kirib keladi. Prezident ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitib, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash kerakligini ta’kidladi.

Shu maqsadda sanoat hajmi 23 trillion so‘mga yetkazilib, 2 trln so‘mlik yangi quvvatlar yaratiladi. To‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 5 trln so‘mlik 24 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.

2024-yilda hududga 2 milliard 100 mln dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan. Buning evaziga sanoatda 206 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 240 ta, qishloq xo‘jaligida 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.

Shuningdek, ushbu yilda eksport hajmini 160 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Qishloq xo‘jaligida yer unumdorligini oshirish uchun xorijiy grant jalb qilinadi. 6 ming gektar yerga suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, 31 ming gektar lazerli tekislanadi.

Mahallalar infratuzilmasi va xonadonlar ta’mirlanadi. Yuqori texnologik tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar davolanishiga 2,3 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, fuqarolar tashabbusi asosidagi loyihalarga 182 mlrd so‘m, yil davomida mahalliy budjetdan yana 40 mlrd so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasidagi loyihalarga 10 trln so‘m beriladi.

Prezident yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar mavjud salohiyatga mos emasligini ta’kidlab, bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi. 51 ta sanoat zonasida 775 mlrd so‘mlik 71 ta loyihani boshlab, 1 mingta ish o‘rni yaratsa bo‘lishini yoki 10 ming gektar bo‘sh yerni savdoga chiqarib, 20 mingta tadbirkorni jalb qilish mumkinligi, bu 50 ming ish o‘rni bo‘lishi haqida gapirdi. Shuningdek, noruda konlarga sanoatni olib kirib, 7,5 trln so‘mlik loyihalar hisobiga 10 ming aholini band qilish mumkinligini qayd etdi.

Davlat rahbari, bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish yuzasidan topshiriq berdi. Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini kengaytirish vazifalarini ko‘rsatib o‘tdi.

Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyadan mutaxassislarni taklif etib, yoshlarni chet tili, axborot texnologiyalari, dizayn, mehmonxona xizmati kabi 17 turdagi zamonaviy kasblarga o‘qitish muhimligini ta’kidlandi.

Mutasaddilar Qoraqalpog‘istonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar borligini qayd etib, bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab oldi.