Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudida 11-yanvar kuni Telegram messenjerida “Hello Tashkent, Salam Tashkent” nomli kanal va guruhlar yaratgan bir guruh shaxslarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

Ular 2023-yil may oyida hibsga olingandi. Huquq-tartibot idoralari xabar berganidek, Telegram`dagi guruhlarda ayollarning intim suratlari va videolari e’lon qilingan, ularni o‘chirish uchun guruh a’zolari 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha pul talab qilgan.

Ular Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblandi:

  • 130-modda 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan pornografik mahsulotlarni tarqatish);
  • 139-modda 3-qismi “a, g” bandlari (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish);
  • 140-modda 2-qismi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish);
  • 141−3-modda 2-qismi “b, v” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish)
  • 165-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik).

Sudya J.Saidov ishni Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) asosan yopiq majlisda ko‘rib chiqdi. Oliy sud saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 62 kishi jabrlanuvchi va da’vogar bo‘lgan, ulardan 55 nafari ayol.

Ish bo‘yicha 3 nafar erkak — Sh. I, B.S. va V.X.lar ayblanuvchi bo‘ldi (aslida esa dastlab 6−7 kishi hibsga olingandi). Ularga 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligiga Telegram`dagi tegishli akkaunt va guruhlarni bloklash topshirildi.