Davlat soliq qo‘mitasi 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga soliq keshbeki qaytariladigan xaridlarning umumiy miqdori oyiga bazaviy hisob-kitob miqdorining 60 baravaridan (20,4 mln so‘m) oshmasligi belgilanganiga izoh berdi.

Ya’ni, avvalroq yozganimizdek, endi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirmagan fuqaroning xaridlari uchun oyiga olishi mumkin bo‘lgan maksimal soliq keshbeki miqdori 204 ming so‘mni tashkil etadi.

Soliq qo‘mitasi ushbu cheklov foydalanuvchilarning 98 foiziga, ya’ni oy davomida odatda 20,4 mln so‘mgacha miqdorda xaridlarni amalga oshiruvchi barchaga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.

“Qolgan 2 foiz foydalanuvchilar boshqa shaxslarga tegishli cheklar summasini o‘zlashtirib olgani yoki tadbirkorlar tomonidan xaridorga chek bermay, o‘zi yoki qarindoshlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari kuzatilgani yuzasidan shikoyatlar bo‘lgan. Shu boisdan ham shunday tartib joriy etildi”, — dedi qo‘mita bosh inspektori Anvar Ne’matov.

Masalan, o‘tgan yilning noyabr oyida foydalanuvchilarning 98 foizida 200 ming so‘mgacha bo‘lgan keshbek yig‘ilgan, “bu esa maksimal miqdor adolatli va to‘g‘ri belgilanganligini anglatadi”, — dedi bosh inspektor.

Eslatib o‘tamiz, korporativ kartalar yordamida xarid qilingan tovarlar uchun keshbek ham bekor qilindi. Kam ta’minlangan fuqarolar xarid qilganda QQS qaytariladigan tovarlar ro‘yxatiga un, shakar, dori-darmon va tibbiy xizmatlar qo‘shildi.