Jurnalist, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi matbuot kotibi Ayjamal Joldasbayeva-Janibekova 11-yanvar kuni vafot etdi. Bu haqda uning yaqinlari ijtimoiy tarmoqlarda xabar qoldirdi.

Ayjamal Joldasbayeva 1997-yil 23-yanvarda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. Jurnalist 2014-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Ayjamal Joldasbayeva (pastki qator, chapdan birinchi). Foto: O‘zAAyjamal Joldasbayeva (pastki qator, chapdan birinchi). Foto: O‘zA

U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavr hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Shuningdek, O‘zJOKUda falsafa doktori (PhD) darajasi uchun ilmiy izlanish olib borayotgandi.

Marhuma yaqinlarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, unda homiladorlik davri og‘ir kechgan.

Ma’lum muddat o‘lik homila bilan yurgan, bola olinganidan keyin uning ahvoli og‘irlashib, dastlab Taxtako‘pir tumanidagi kasalxonaga yetkazilgan. Komaga tushib qolgach, 3 kun avval Nukus shahridagi tez yordam shifoxonalaridan biriga olib borilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Uning 2 yoshga to‘lmagan o‘g‘il farzandi bor.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi uning vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi.