Kuchli shamol sabab Jizzax viloyati Forish tumanining hokimlik binosi tom qismi uchib ketdi, deya xabar qildi tuman hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2024-yil 10-yanvar kuni soat 10:20 larda shamol tezligi 24 metr sekundgacha kuchayishi oqibatida aylanma shamol yuz berib, Forish tuman hokimligi binosining katta majlislar zali tom qismidan qisman tom yopg‘ichlarini uchirdi.

Shamol uchirgan tunuka va taxtalar hokimiyat avtoturargohida bo‘lgan 6 ta avtomashina ustiga tushdi va qisman zarar yetkazdi. Fuqarolarga hech qanday zarar yetmadi.

Tabiiy ofat natijasida ko‘rilgan talafotni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.