Prezident qarori bilan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi qaytarib beriladigan tovarlar ro‘yxati kengaytirildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar ham endilikda reyestrga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda QQS summasi qaytarib beriladigan tovarlar sirasiga kirdi.

Bunda QQS summasini qaytarish oyiga BHMning 10 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mgacha) bo‘lgan xaridlar summasi doirasida amalga oshirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, reyestrga kiritilganlarning xaridlari uchun QQS qaytarib beriladigan tovarlar ro‘yxatida bugungacha qo‘y, mol, parranda go‘shtlari, tuxum hamda o‘simlik yog‘i bor edi.