Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, madaniyat va turizm obyektlarini qurish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani va Toshkent viloyatining Parkent tumanining tog‘li landshafti bilan qiziquvchi sayyohlar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

turizm, шавкат мирзиёев

Bundan tashqari, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali hostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Miraki qishlog‘ida 10 gektar maydonda mehmonxona kompleksi qurilayotganini ma’lum qildi. U yerda osma dor yo‘li loyihasi ham ishga tushirilishi kutilmoqda.

Parkent tumanida 100 gektar maydonda turistik kompleksni qurish va turistik zonani rivojlantirish rejalashtirilgan.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyevning ma’lum qilishicha, 2023-yil yakuni bo‘yicha turizm sohasida umumiy qiymati 771 mln dollarlik 587 loyiha amalga oshirilgan, 10 766 ta ish o‘rni yaratilgan. 2024-yilda 32 mln nafar sayyohni jalb etish (shundan 10 millioni xorijlik, 22 millioni mahalliy), turizm eksportini esa 2,5 milliard dollarga yetkazish topshirilgan.