O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (FIDE reytingida 2713 koeffitsiyent) 12−28-yanvar kunlari Veyk-an-Zeye shahrida bo‘lib o‘tadigan shaxmat bo‘yicha Tata Steel Chess 2024 superturnirida ishtirok etadi.

Turnir haqida

Veyk-an-Zeye yoki Tata Steel Chess Tournament — shaxmat bo‘yicha eng qadimgi va nomdor turnirlardan biri bo‘lib, bu yilgi turnir 86-si bo‘ladi. U 1938-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Vasiliy Smislov va Robert Fisherdan tashqari barcha jahon chempionlari turli yillarda uning ishtirokchilariga aylangan.

Turnir davraviy tizimda o‘tkaziladi va 13 turdan iborat. Vaqt nazorati: 40 ta yurish uchun 100 daqiqa, so‘ng 20 ta harakat uchun 50 daqiqa va o‘yin so‘ngiga qadar 15 daqiqa. Bunda dastlabkisidan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya qo‘shiladi.

Ishtirokchilar haqida

Bu yil turnir sakkiz karra g‘olib Magnus Karlsen ishtirokisiz o‘tkaziladi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, shaxmatchi juda band ekani uchun turnirda ishtirok etolmaydi.

Amaldagi jahon chempioni Din Lijen uzoq tanaffusdan so‘ng katta va jiddiy turnirlarga qaytmoqda. U reyting bo‘yicha Tata Steel Masters musobaqasi ishtirokchilari boshlang‘ich ro‘yxatining eng yuqori qismida joylashgan.

Musobaqada 2023-yilda chempionlik unvonini himoya qilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempioni Szyuy Venszyun ham ishtirok etadi. U reytingga ko‘ra ishtirokchilar boshlang‘ich ro‘yxatini yakunlab beradi.

Bu galgi turnir tarkibining o‘ziga xosligi shundaki, unda amaldagi uchta chempion: erkaklar o‘rtasidagi shaxmat toji sohibi Din Lijen, ayollar o‘rtasidagi jahon chempioni Szyuy Venszyun va 2023-yilgi Tata Steel Masters chempioni Anish Giri ishtirok etadi.

To‘liq tarkib

  1. Din Lijen (2780 koeffitsiyent bilan FIDE jahon reytingida 4-o‘rin);
  2. Yan Nepomnyashiy (5-o‘rin, 2769);
  3. Alireza Firuzdja (6-o‘rin, 2759);
  4. Anish Giri (10-o‘rin, 2749);
  5. Rameshbabu Pragnanandxa (13-o‘rin, 2743);
  6. Vidit Gudjrati (14-o‘rin, 2742);
  7. Parxam Magsudlu (15-o‘rin, 2740);
  8. Vey I (16-o‘rin, 2740);
  9. Nodirbek Abdusattorov (22-o‘rin, 2727);
  10. Gukesh Dommaradju (25, 2725);
  11. Yorden van Forest (52-o‘rin, 2682);
  12. Aleksandr Donchenko (98-o‘rin, 2643);
  13. Maks Varmerdam (130-o‘rin 2625);
  14. Szyuy Venszyun (382-o‘rin, 2549).

O‘tgan yili Nodirbek Abdusattorov Tata Steel Chess turnirida sensatsion tarzda ikkinchi o‘rinni egallagan va turnir davomida o‘sha paytdagi chempion Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan, ammo autsayder Yorden van Forestga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.

Shuningdek, u ushbu turnirda ishtirok etgan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchi hisoblanadi. Abdusattorovdan tashqari, turnirda 2009-yilda jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham qatnashgan.