Latviya poytaxti Riga shahrida Wolt yetkazib berish xizmatining o‘zbekistonlik kureri Hasan Azlarov buyurtmani kutish vaqtida restoranlarda pianino chalishi ortidan mashhur bo‘ldi. Uning ijrosi aks etgan video internetga joylashtirilgan.

Mamlakat ommaviy axborot vositalari bolaligidan pianino chalish bilan shug‘ullangan toshkentlik kurer haqida yoza boshladi va kuni kecha u haqda Latviya televideniyesining “Bugun tunda” dasturida reportaj namoyish etildi.

Hasan egizak ukasi Husan bilan poytaxtdagi mashhur Glier nomidagi maxsus musiqa maktabida tahsil olgan. Fortepiano o‘qituvchim Milova Violetta Fyodorovna bo‘lgan, deya so‘zlab berdi u “Gazeta.uz”ga.

“Men 7 yoshimdan beri pianino chalib kelaman. Biz har kuni ikki soat maktabda va to‘rt soat uyda shug‘ullanrdik”, — dedi u Latviya televideniyesiga bergan intervyusida.

Hasan Teatr institutining televideniye va kino rejissyorligi fakultetini tamomlagan. 2021-yilda Latviya Axborot tizimlari menejmenti universiteti (ISMA)ning magistratura bosqichiga o‘qishga kirgan. Bo‘sh vaqtida novvoy bo‘lib, keyinchalik yetkazib berish xizmatida ishlagan. Husan Toshkent konservatoriyasini tamomlagan va hozir AQShda yashaydi.

Hasan Rigadagi o‘qishni tugatgandan so‘ng 2023-yilning bahorida Toshkentga qaytgan. O‘sha yilning avgust oyida Latviya kompaniyasining taklifiga binoan yana Rigaga borgan. Hujjatlar rasmiylashtiruvini kutish davomida yetkazib berish xizmatida ishlay boshlagan. Biroq keyinroq uni taklif qilgan kompaniya bozor kon’yunkturasi o‘zgargani sababli ishga ololmasligini ma’lum qilgan.

Shu tariqa ba’zida Hasan buyurtmani kutish chog‘ida restoranlarda pianino chalib turgan. Internetda u haqda yozishni boshlaganlaridan so‘ng mijozlar Hasanni taniy boshlagan va unga turli joylardan ish takliflari tusha boshlagan.

“O‘zbek restoranlaridan taom buyurtma qilishganda mijozlarga hazil tariqasida buyurtmani kurer O‘zbekistondan olib kelganini aytaman”, — deydi Hasan.

“Men uchun pianino chalish — unutib qo‘ymaslik uchun mashq. Shuningdek, tomoshabinlarning sizni tinglashlari yoqimli”, — dedi u Latviya televideniyesiga bergan intervyusida.

Video