Isroil qurolli kuchlari G‘azo sektorida HAMASga qarshi urushning intensiv quruqlik va havo amaliyotidan “nisbatan yo‘naltirilgan bosqichiga” o‘tishni boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (IDF) rasmiy vakili Daniel Hagari The New York Times`ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hagarining so‘zlariga ko‘ra, urushning yangi bosqichi Isroil qo‘shinlari soni va G‘azoga havo hujumlarini qisqartirishni o‘z ichiga oladi. Buning o‘rniga Isroil kuchlari ko‘proq HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish, garovga olinganlarni qutqarish va tunnellarni vayron qilishga qaratilgan yuqori sifatli kichik guruhlarning “jarrohlik missiyalari"ga tayanadi.

Isroil, shuningdek, HAMASning Xan-Yunis va Deyr-el-Balaxa punktlaridagi janubiy hamda markaziy istehkomlariga e’tibor qaratish niyatida, dedi Hagari.

CNN ham, shuningdek, AQSh prezidenti ma’muriyatining bir qancha yuqori martabali amaldorlariga tayanib, yanvargacha Tel-Aviv G‘azoda nisbatan kamroq intensiv bo‘lgan strategiyaga o‘tishni rejalashtirayotganini yozdi.

“Biroq Isroil rasmiylari AQSh vakillariga o‘tish jarayonini oy (yanvar) oxirigacha yakunlashga umid qilayotgan bo‘lishsa-da, aniq muddat yo‘qligini aytgan. Agar Isroil kuchlari HAMASning kutilganidan kuchliroq qarshiligiga yoki o‘zlari kutmagan tahdidlarga duch kelsa, ularning ta’kidlashicha, [askarlarni] olib chiqish ko‘lami va sur’ati sekinlashishi, intensiv havo hujumlari esa davom etishi mumkin”, — deb yozdi NYT.

Isroil rasmiylari avvalroq ham ochiq, ham yopiq tarzda G‘azodagi urushning yakuniy maqsadi HAMASni oktabr oyida amalga oshirgan hujumini qaytib takrorlay olmaydigan darajada zaiflashtirish ekanini bildirgan edi.

  • 2023-yil 7-oktabrda Falastinning HAMAS guruhi Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirgan, 200 dan ortig‘ini garovga olgandi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida mintaqada 23 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 59 mingga yaqin kishi jarohatlangan.
  • Urush boshlanganidan beri butun dunyo bo‘ylab minglab odamlar Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha va Isroilning G‘azodagi harakatlariga qarshi namoyishlar o‘tkazmoqda.