Olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yil 2023-yilgi rekordni yangilashi va kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Meteorologlar allaqachon 2023-yil rekord darajadagi issiq yil bo‘lganini, global harorat sanoat davridan oldingi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,4 daraja yuqorilaganini tasdiqlagan. Agentlikning qayd etishicha, katta ehtimol bilan 2024-yilda bu ko‘rsatkich ortadi.

Olimlar bu yil sayyoradagi o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1,3−1,6 darajaga oshishini taxmin qilmoqda.

Bunday prognozlar nafaqat yoqilg‘i yonishi oqibatida issiqxona gazlari hajmining oshishi bilan, balki 2023-yilning yozida boshlangan El-Nino tabiiy hodisasi bilan ham bog‘liq.

El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog‘ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi.

Tinch okeani suvniing isishi va sayyora yuzasi haroratining ko‘tarilishi o‘rtasida kechikish mavjud, shuning uchun El-Nino davridagi ikkinchi yil odatda birinchi yilga qaraganda issiqroq bo‘ladi, deydi AQShning Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi katta olimi Maykl MakFaden.

Biroq ba’zi olimlar bu taxminlarga qo‘shilmaydi, deydi Axios. Berkeley Earth mustaqil iqlim tadqiqot guruhi olimi Robert Rodening so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda haroratning “hayratlanarli sakrashi” va “nisbatan kuchliroq” El-Ninoga tezroq o‘tish holati kuzatilgan.

“Katta ehtimol bilan 2024-yil prognozlardan farq qiladi va 2023-yildan biroz salqinroq bo‘ladi”, — degan Rode.