9-yanvar kuni Ekvadorning TC Television telekanalining Guayakil shahridagi studiyasi jonli efir vaqtida qurollangan shaxslar tomonidan egallab olindi. Mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilingan. “Gazeta.uz” voqea bo‘yicha “Meduza”da e’lon qilingan asosiy ma’lumotlarni tarjima qildi.

Telekanalga uyushtirilgan hujum aks etgan кадрларga ko‘ra, jinoyatchilar kanal xodimlaridan polga yotishlarini talab qilib, qurol bilan qo‘rqitgan. Hujumchilar bir necha bor “Politsiya yo‘q!” deya takrorlagan. Telekanalda qichqiriq va otishma ovozlari eshitilgan. “Biz efirdamiz, bilib qo‘yingki, mafiya bilan o‘yin o‘ynolmaysiz”, — degan hujumchilardan biri. Jarayon taxminan 20 daqiqa davomida jonli efirda namoyish etilgan.

El Universo gazetasiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da boshlanishi kerak bo‘lgan efirdan avval telekanal studiyasiga qurollangan odamlar kirib kelgan. Guvohlarning aytishicha, ular kamida 10 kishini ko‘rgan.

экvaдор

Barcha garovga olinganlar ozod qilingan, telekanalga hujum paytida hech kim halok bo‘lmagan. Politsiya hujumga aloqador 13 kishini hibsga oldi. Jinoyatchilardan portlovchi moddalar, ikkita to‘pponcha va boshqa qurollar topilgan. Boshqa ommaviy axborot vositalarining ofislari joylashgan telekanal binosidan 40 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.

Hibsga olinganlarning barchasi 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va ilgari ular jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Hibsga olinganlar orasida ikki nafar voyaga yetmaganlar, shuningdek, Venesuelaning bir fuqarosi ham bor. Barcha hibsga olinganlar terrorchilikda ayblangan va ularga 13 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi.

Ekvador prezidenti Daniel Noboa telekanal egallab olingach, mamlakatda “ichki qurolli konflikt” rejimini e’lon qildi, shuningdek, 22 ta uyushgan jinoiy guruhni terrorchi tashkilot deb e’lon qilish bo‘yicha farmon chiqardi.

Mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. Ekvador qurolli kuchlari jinoiy guruhlar harbiy nishon sifatida ko‘rilishini bildirdi.

Ekvadordagi mafiya

Bir necha kun oldin eng yirik jinoiy guruh “Los Choneros”ning rahbari Adolfo Masias, shuningdek, boshqa jinoiy guruh — “Los-Lobos”ning yetakchisi Fabrisio Kolon Piko qamoqdan qochib ketgan. Mamlakat bo‘ylab bir qancha axloq tuzatish muassasalarida tartibsizliklar sodir bo‘ldi. Kamida 139 nafar qamoqxona qo‘riqchisi garovga olingan, deb xabar berdi Reuters.

Ekvador provinsiyalaridagi politsiyachilar ham garovga olingan. Kuenka shahrida noma’lum shaxslar harbiy yuk mashinasiga qo‘lbola bomba uloqtirgan. Portlashlar Esmeraldas, Machala, Los-Rios va boshqa shaharlarda ham sodir bo‘ldi. Ekvadorda favqulodda holat e’lon qilinganidan beri kamida 10 kishi halok bo‘lgan. Ulardan sakkiz nafari Guayakilda vafot etgan.

Ekvador poytaxti Kitoning tarixiy markaziga talonchilik haqidagi xabarlardan so‘ng harbiy texnikalar joylashtirildi. Aeroportda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shahar aholisi uylarini tark etmaslikka chaqirildi.

Associated Press`ning ta’kidlshicha, zo‘ravonlikning avj olishi 2021-yilda qamoqxonalardagi hujumlar bilan boshlangan va 2023-yil avgustida — prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisensio Kitoda o‘ldirilganida yangi darajaga ko‘tarilgan.

Ekvador hukumati zo‘ravonliklarning avj olishiga jinoiy guruhlar o‘rtasidagi qamoqxonalar nazorati bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini aytmoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonliklar oqibatida 2023-yilda 8008 kishi o‘lgan, bu 4,5 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan 2022-yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p.