Jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1 foizini ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda qaytarilishi bo‘yicha yuqori chegara o‘rnatildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabaridan anglashiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritilgan.

“Jismoniy shaxslar tomonidan bir oy davomida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining BHMning 60 baravaridan (20 mln 400 ming so‘m) oshmagan qismidan 1 foizi ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda qaytarilishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Ilgari keshbeklar qaytarilishi bo‘yicha ma’lum bir qiymat belgilanmagan edi. Bazaviy hisoblash miqdorining hozirgi qiymatida bu xaridorlar endilikda har oy faqat 20 mln 400 ming so‘mgacha xaridlari cheklarini soliq organining maxsus mobil ilovasi orqali skanerlab, keshbek olishi mumkinligini anglatadi. Ya’ni bir oyda jami 204 ming so‘mdan ko‘p keshbek olib bo‘lmaydi. Bu qiymat BHM oshish bilan o‘zgarishi mumkin.

Shuningdek, korporativ kartalar orqali sotib olinadigan tovarlar uchun keshbek berish amaliyoti bekor qilindi.