Janubiy Koreya Milliy assambleyasi (parlamenti) itlarni go‘shtini iste’mol qilish maqsadida ko‘paytirish, so‘yish va sotishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi, deb xabar bermoqda Yonhap.

208 nafar deputat hujjatni ma’qullab ovoz berdi, ikki nafari betaraf qoldi. Endi uni prezident Yun Sok Yol imzolashi kerak.

Qonun 2027-yilda to‘liq kuchga kirishi kutilmoqda va qoidabuzarlar ikki yilgacha qamoq yoki 30 million von (taxminan 30 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Hujjatda it go‘shtini bevosita iste’mol qilganlik uchun jazo nazarda tutilmagan, deya qayd etdi AP.

Bugungi kunda Janubiy Koreyada 1150 ga yaqin it fermasi mavjud va ularda yarim millionga yaqin it boqiladi. Fermerlar qonun loyihasiga norozilik bildirdi: ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, millionga yaqin odam ishsiz qoladi. Ammo, qonunga ko‘ra, oziq-ovqat uchun itlarni professional ravishda ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchilarga faoliyat sohasini o‘zgartirish uchun subsidiyalar beriladi.

Mamlakatda, shuningdek, 34 ta qassobxona, 219 ta it go‘shtini yetkazib beruvchi ta’minot kompaniyasi va it go‘shtidan tayyorlangan taomlar sotuvchi 1600 ga yaqin restoran mavjud, deya qayd etadi Yonhap.

Qonunni Janubiy Koreyaning birinchi xonimi Kim Kon Xi ochiq qo‘llab-quvvatlab, go‘sht uchun it ko‘paytirishni taqiqlash Yun Sok Yolning saylovoldi va’dalaridan biri ekanini ta’kidladi, deb yozadi agentlik. Ularning uy hayvonlarini yoqtirishi ma’lum: oilaning to‘rtta iti va uchta mushugi bor.

CNN`ning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘nyilliklarda Janubiy Koreyada uy hayvonlarini boqish ortgani sababli it go‘shtini iste’mol qilish amaliyoti keskin tanqidga uchramoqda. Hayvonlar huquqlari faollari va xalqaro inson huquqlari guruhlari qonun loyihalarini ilgari surishda katta rol o‘ynadi.

Gallup Korea`ning 2022-yilgi so‘rovida respondentlarning 64 foizi it go‘shtini iste’mol qilishga qarshi chiqqan, bu 2015-yildagi shunga o‘xshash so‘rov natijalariga qaraganda ancha yuqori, deb yozadi CNN. 2005-yildan 2014-yilgacha Seulda it go‘shtini sotuvchi restoranlar soni talabning pasayishi tufayli 40 foizga kamaygan.