O‘zbekistonda 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun 16 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Bu davlat rahbarining yangi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar qildi hujjatni ishlab chiqqan Adliya vazirligi matbuot xizmati. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev bir kun avval bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirgandi.

Xususan, 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi. Masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi. Xususan, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtiriladi.

Litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi. Endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni video aloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.

Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin. Bugungacha texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgandi.

O‘zgartirishlarning amalga oshirilishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 mlrd so‘mlik xarajatlari tejaladi, deyiladi xabarda.

Dushanba kuni prezident o‘tkazgan yig‘ilishda shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilish holatlari borligi ta’kidlandi. Shu bois joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmaganiga ham to‘xtalib, yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yangilik to‘ldirilishi mumkin.