1-yanvar kuni Yaponiya g‘arbida sodir bo‘lgan 7,6 magnitudali zilzila oqibatida qurbon bo‘lgan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

“O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, — deyiladi xabarda.

Kyodo ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 200 kishidan oshdi. Eng ko‘p qurbonlar Suzu va Vajima shaharlarida qayd etilgan — mos ravishda 91 va 81 kishi. Yana 565 kishi jarohatlangan, bedarak yo‘qolganlar soni 102 taga yetgan.

Evakuatsiya markazlarida 28 ming kishi yashashda davom etmoqda. Kamida 3300 nafar mahalliy aholi buzilgan yo‘llar tufayli yordamdan uzilib qolgan.

1300 dan ortiq uy qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan. 66 mingga yaqin uy suv ta’’minotidan uzilgan, yana 23 mingtasi esa elektr energiyasidan mahrum.