2023-yilning 28-dekabr kuni Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov Turkiya ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani xabar qilingandi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi bu ma’lumotni tasdiqladi. Qayd etilishicha, u Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan olib ketilgan. Hozirda Istanbul viloyati Chatalja tumanidagi Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirilgan.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshimizga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilamiz, — deyiladi xabarda.

Azon Global axborot tahliliy portali hodisa sodir bo‘lgan kunidanoq advokatlar harakatlarini boshlashgani va boshqa barcha kerakli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgandi.

2023-yil avgustda Mubashshir Ahmad Azon media guruhi (Azon.uz sayti, Azon FM onlayn radiosi, Azon TV onlayn televideniyesi) barcha loyihalarni to‘xtatganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, noyabr oyida to‘rt tilda (o‘zbek, rus, ingliz va turk) faoliyat yurituvchi Azon Global portali test rejimida ishga tushirilgandi.