Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Amrillo Shodiyevich Inoyatov Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.

Inoyatov 2022-yil dekabr oyining so‘ngidan to 2024-yil boshiga qadar sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

4-yanvar kuni Asilbek Xudayarov Amrillo Inoyatovning o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

2023-yilning sentabr oyida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilingandi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • ilg‘or va maqbul xorijiy tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
  • tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtirish.