O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzadi. Bu haqda 5-yanvar kuni Toshkentda Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov kelishib oldi.

Laziz Qudratov (o‘rtada).Laziz Qudratov (o‘rtada).

Vazirlar prezident Qasim-Jomart Toqayevning tashrifi doirasida imzolangan sarmoyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini amalga oshirish “yo‘l xaritasi” bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish istiqbollari va joriy loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Oxirgi 6 yil ichida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,5 barobar oshib, 2016-yildagi 1,9 milliard dollar 2023-yilda 4,6 mlrd dollardan oshdi.

Tomonlar, shuningdek, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha qator chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar.

UzKazTrade qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi orqali ikki mamlakat bozorlarida keng turdagi tovarlarni sotish uchun onlayn savdo maydonchasini yaratish rejalashatirilmoqda.

Arman Shakkaliyev.Arman Shakkaliyev.

Bundan tashqari, vazirlar “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yuzasidan konstruktiv fikr almashdi. Bugungi kunda unga infratuzilma yaratish va ulash ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq mazkur obyekt “Atameken” va “Guliston” nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida joylashgan bo‘lib, o‘z ichiga ishlab chiqarish maydonchalari, tovarlar va uskunalarni saqlash omborlari, shuningdek, transport infratuzilmasini qamrab olishi xabar qilingan. Bu tovarlarni yetkazib berishni tezlashtiradi va logistika xarajatlarini kamaytiradi.

Markaz yangi ishlab chiqarishlar, ish o‘rinlari, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini qayta ishlashni rag‘batlantirish, shuningdek, yuklarni kelgusida tashish uchun logistika xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi.

2023-yilning mart oyida UzTrade va KazTrade o‘rtasida O‘zbekistondan meva-sabzavot va Qozog‘istondan un yetkazib berish bo‘yicha UzKazTrade qo‘shma kompaniyasi tashkil etilgan. Biroz vaqt o‘tgach, UzKazTrade O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva va sabzavotlarni tijorat marjasisiz ulgurji sotishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan.