1-yanvardan O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalari oshirildi va ularni hisoblash tartibi o‘zgardi. Bu soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

Tariflar 10,7−12,2 foizga oshdi.


Soliq solish obyektlari
Avvalgi tariflar,
% da
Yangi tariflar,
% da

1.
Umumiy maydoni 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek, boshqa imoratlar, binolar va inshootlar
0,28
0,31
2.
Umumiy maydoni quyidagicha bo‘lgan shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar:



200 kv.m dan 500 kv.m gacha
0,37
0,41

500 kv.m dan ortiq
0,49
0,55
3.
Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.m dan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari
0,37
0,41
4.
Tadbirkorlik faoliyati uchun yuridik shaxs yoki YATTga ijaraga berishda foydalaniladigan soliq solish obyektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati va/yoki daromadlar olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari
1.5
1.5

Shu bilan birga, Soliq qo‘mitasi qayd etganidek, soliq yukini adolatli taqsimlash maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati uchun yuridik shaxs yoki YATTga ijaraga berishda foydalaniladigan soliq solish obyektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati va/yoki daromadlar olish uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk obyektlarining soliq bazasini hisoblash tartibi yuridik shaxslar uchun belgilangan tartib bilan birxillashtirildi. Ushbu o‘zgarishlar aholining uy-joy mulkiga ta’sir qilmaydi.

Ya’ni 2024-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar egaligidagi noturar obyektlarning soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas:

  • Toshkent shahrida — 3 mln so‘m;
  • Nukus shahrida va viloyat markazlarida — 2 mln so‘m;
  • boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — 1,2 mln so‘m.

“Gazeta.uz”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday qaror turar joy bo‘lmagan yirik binolar (ofislar), jumladan, yirik mahalliy kompaniyalarga qarashli binolar jismoniy shaxslarga nomiga ro‘yxatga olingani sababli qabul qilingan.

Agar obyektning 1 kvadrat metri qiymati belgilangan minimal miqdordan past bo‘lsa, soliq to‘lovchilar ko‘chmas mulk qiymatini soliq solish maqsadlarida baholash uchun mustaqil baholovchilarni jalb qilishlari mumkin. Bunda, mustaqil baholash natijalari soliq solinadigan baza sifatida tan olinadi.

Baholovchilar reyestrini Davlat aktivlarini boshqarish agentligining veb-sayti orqali topish mumkin.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar so‘nggi 2 yil davomida baholovchi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan ko‘chmas mulkni baholash natijalaridan mol-mulk solig‘i bazasini aniqlashda foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, 1 kvadrat metr uchun minimal qiymat tartibi jismoniy shaxslar egaligidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash, ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari hamda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar)ga nisbatan qo‘llanmaydi.