AQSh Milliy mehnat munosabatlari kengashi (NLRB) raketa va sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqaruvchi SpaceX kompaniyasini kompaniya bosh direktor Ilon Maskni tanqid qilib xat yozgani uchun sakkiz nafar xodimini noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatishda aybladi, deb yozmoqda The Guardian.

2022-yil iyun oyida SpaceX rahbariyatiga yo‘llangan xatda xodimlar Maskning 2020-yildan beri yozib kelgan bir qancha tvitlaridan shikoyat qilgan. Ularning fikricha, tvitlarning aksariyat qismi jinsiy mavzuda bo‘lgan.

Xodimlar Maskning so‘zlari kompaniyaning “ish joydagi nojo‘ya xatti-harakatlarga oid siyosati”ni buzganini iddao qilib, SpaceX`ni ularni qoralashga chaqirgan.

NLRB mintaqaviy idorasining sudga yuborilgan shikoyatida SpaceX ishchilarning federal mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan huquqlarini buzgani aytiladi. Shikoyatda, shuningdek, kompaniya maktub yuzasidan ishchilarni so‘roqqa tutgani, imzo qo‘ygan shaxslarni kamsitgani va bu ishni qilganlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgani qayd etilgan.

Agar SpaceX ishni o‘zi hal qilmasa, uni ma’muriy sudya ko‘rib chiqadi, uning qarori ustidan federal apellyatsiya sudiga shikoyat qilish mumkin. Sud majlisi 5-martga belgilangan.

  • Noyabr oyida Reuters agentligi 2014-yildan beri SpaceX xodimlari ish vaqtida turli og‘irlikdagi kamida 600 ta jarohat olgani haqida xabar e’lon qilgan edi. Ba’zi hollarda bu jarohatlar nogironlik yoki o‘limga olib kelgan. Agentlik yuqori darajadagi jarohatlarni Ilon Maskning Marsga imkon qadar tezroq uchish istagi bilan bog‘lagan.