Global iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 2,7 foizdan 2024-yilda 2,4 foizgacha sekinlashadi. Bu haqda BMTning jahon iqtisodiy istiqbollari bo‘yicha yangi hisobotida so‘z borgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu raqamlar hali ham pandemiyadan oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda.

Hisobotda, shuningdek, yuqori foiz stavkalari, mojarolarning yanada kuchayishi, xalqaro savdoning sustlashuvi va ortib borayotgan iqlim falokatlari global o‘sishga katta to‘siq bo‘layotgani aytiladi.

Mutaxassislar uzoq muddatda qattiq kreditlash shartlari va yuqori qarz xarajatlarini bashorat qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, qarzga botgan jahon iqtisodiyoti qo‘shimcha sarmoyaga muhtoj.

“2024-yil biz bu botqoqdan chiqadigan yil bo‘lishi kerak. Katta va dadil investitsiyalar yordamida barqaror rivojlanish va iqlim bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz hamda global iqtisodiyotni tezroq o‘sish yo‘liga solishimiz mumkin”, — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

BMT prognozlariga ko‘ra, yuqori foiz stavkalari, iste’mol xarajatlarining kamayishi va mehnat bozorining yomonlashuvi hisobga olinsa, bir qator yirik rivojlangan mamlakatlarda, xususan, AQShda 2024-yilda o‘sish sekinlashadi.

Rivojlanayotgan ko‘plab mamlakatlarning, ayniqsa, Lotin Amerikasi va Osiyoning yaqin muddatli o‘sish istiqbollari ham moliyaviy sharoitlarning keskinlashishi, fiskal maydonning qisqarishi va tashqi talabning kamligi tufayli zaiflashmoqda. Xususan, Xitoyda iqtisodiy o‘sish 2024-yilda 4,7 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Kam daromadli mamlakatlarning iqtisodiy istiqbollari og‘ir qarz yuklari, yuqori foiz stavkalari va iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan ekstremal ob-havo hodisalari bilan bog‘liq yo‘qotishlar bilan cheklanadi.

Inflyatsiya

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, global inflyatsiya pasayishda davom etadi va 2024-yilda 3,9 foizni tashkil qiladi (2023-yilda 5,7 foiz edi). Biroq ko‘pgina mamlakatlarda narx bosimi yuqoriligicha qolmoqda va geosiyosiy mojarolarning har qanday yanada kuchayishi inflyatsiyaning qayta tiklanishiga olib kelishi mumkin.

Rivojlanayotgan mamlakatlarning qariyb chorak qismida yillik inflyatsiya 2024-yilda 10 foizdan oshishi kutilmoqda, deyiladi hisobotda. 2021-yil yanvar oyidan beri rivojlanayotgan mamlakatlarda iste’mol narxlari umumiy 21,1 foizga oshib, pandemiyadan keyin erishilgan iqtisodiy yutuqlarni boy berdi.

“Doimiy yuqori inflyatsiya qashshoqlikni bartaraf etishdagi taraqqiyotni yanada sekinlashtirdi, ayniqsa, kam rivojlangan mamlakatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi”, — dedi BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Li Szyunxua.

Hisobotga ko‘ra, global mehnat bozorlari pandemiyadan keyin notekis tarzda tiklanmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda o‘sish sur’atlari pasayganiga qaramay, mehnat bozoridagi vaziyat barqaror. Biroq ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa, G‘arbiy Osiyo va Afrikada bandlikning asosiy ko‘rsatkichlari, jumladan, ishsizlik darajasi hali pandemiyadan oldingi darajaga qaytmagan.

Bundan tashqari, hisobotda ta’kidlanishicha, bandlikdagi global gender farqi yuqoriligicha qolmoqda va ish haqi bo‘yicha gender farqi nafaqat saqlanib qolgan, balki ba’zi kasblarda hatto ortgan.