Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev qisqa muddatli mehnat ta’tilida bo‘lgani sababli yoshlar yetakchisi Dilmurod Rahimjonov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Hokimlikka ko‘ra, bunda “zamonaviy bilim va tafakkurga ega, tashabbuskor kadrlarni tayyorlash, yoshlarga o‘z rahbarlik qobiliyatlarini to‘la namoyon etishlari uchun zamin hozirlash va ularga motivatsiya berish” maqsad qilingan.

Bunday tashabbus viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyevga tegishli ekani ta’kidlandi. 6-yanvardan vazifasiga kirishgan Rahimjonov belgilangan kun tartibiga muvofiq ishlaydi.

“U viloyatdagi investitsion loyihalar, ijtimoiy soha obyektlari, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishadi. Shuningdek, hududlarda sayyor qabul hamda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, 28 yoshli Dilmurod Rahimjonov 2022-yildan buyon Guliston shahridagi mahallada yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2023-yilda “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” respublika tanlovida 3 o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil yanvar oyida Andijon viloyatida “Andijonda yoshlar o‘n kunligi” loyihasi doirasida yoshlar 10 kun muddatga hokim va uning o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlangandi.

Shuningdek, 2020-yilning dekabr oyida Navoiy viloyatida “Yoshlar festivali” doirasida “Men ham hokim bo‘laman” loyihasi tashkil etilgan. O‘shanda viloyatning sobiq hokimi Qobil Tursunov yoshlar bilan uchrashib, ularga hokim o‘rnida “topshiriqlar” berishga ruxsat etgandi.