4-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi savdo do‘konlarining birida bepul kiyim-kechak olishga kelgan fuqarolar tomonidan yuzaga kelgan tartibsizliklar aks etgan video tarqaldi.

Videoda do‘kon ichidagi sotuvchilar kiyimlarni uloqtirayotgani va odamlar ularni olish uchun bir-birini itarib, oldinga intilayotganini ko‘rish mumkin. Unda, shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari borligi ham ko‘rinadi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Yunusobod tumanida joylashgan Brend rows nomli savdo do‘konida erkaklar uchun 300 dona qishki palto mahsulotlari tekinga tarqatilishi rejalashtirilgan va bu xabar “tekinga palto 300 dona” deb nomlangan sarlavha bilan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan.

Natijada do‘konga ko‘plab fuqarolar kelishi tufayli tartibsizliklar yuzaga kelgan. Shu hududda xizmat olib boruvchi IIO xodimlari aralashuvi bilan jamoat tartibi saqlanib, vaziyat nazoratga olingan, hech kim jarohatlanmagan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida savdo do‘koni rahbari 24 yoshli S.I.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200−1-moddasiga (Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish) asosan, ushbu do‘konning 9 nafar ishchisiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi do‘kon rahbariga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari (5 million 100 ming so‘m), 9 nafar xodimga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (3 mln 400 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.