KXDR Janubiy Koreya bilan chegaraga yaqin g‘arbiy sohildagi suvlarga 200 ga yaqin artilleriya snaryadlarini uchirdi, deb xabar bermoqda Yonhap axborot agentligi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, holat 5-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 11:00 gacha sodir bo‘lgan. Snaryadlar dengiz bufer zonasiga — ikki davlat o‘rtasida amaldagi chegara bo‘lmish Shimoliy demarkatsiya chizig‘i deb ataladigan hududga tushgan.

Koreya Respublikasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi Janubiy Koreya aholisiga ham, mamlakat harbiylariga ham zarar yetmaganini ma’lum qildi.

“Bu Koreya yarimorolida tinchlikka tahdid soladigan provokatsion harakatdir. Shimoliy Koreya bu uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi va biz ularni bu harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Koreya Mudofaa vazirligi.

Otishma fonida Janubiy Koreya hukumati Yonpyong va Pengnyong orollari aholisini evakuatsiya qilish haqida e’lon berdi. CNN`ning aniqlik kiritishicha, Yonpyongda 2100 dan ortiq, Pengnyongda esa 5000 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Yonhap, shuningdek, juma kuni tushdan keyin Janubiy Koreya harbiylari o‘z dengiz mashqlarini o‘tkazgani va dengiz bufer zonasida 400 ga yaqin o‘q uzilgani haqida yozdi.

  • Shimoliy Koreya oxirgi marta 2022-yilning 6-dekabrida Yapon dengizidagi bufer zonani artilleriyadan o‘qqa tutgan. Hozirgi o‘q ochish hisob bo‘yicha 16-si bo‘ldi.
  • 2018-yil sentabrida Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya harbiy keskinlikni kamaytirish va tasodifiy to‘qnashuvlarning oldini olish uchun dengiz bufer zonasini yaratishga kelishib olgan. 2023-yilning noyabrida Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatganidan so‘ng KXDR shartnomani bir tomonlama bekor qildi.
  • Avval ham Yonpyong KXDR tomonidan o‘qqa tutilgan. 2010-yilda Pxenyan orolga 170 ta artilleriya o‘qini otgan, oqibatda to‘rt kishi, jumladan, ikki nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Bu Shimoliy Koreyaning Koreya urushidan keyin tinch aholi yashaydigan hududlarga qilgan birinchi hujumi edi.