Adliya vazirligi O‘zbekistonda 2023 tug‘ilgan o‘g‘il va qizlarga eng ko‘p qo‘yilgan ismlar o‘nligini e’lon qildi.

Vazirlik taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2023-yilda tug‘ilgan 24 365 nafar o‘g‘il bolalarga Muhammadali ismi qo‘yilgan. Bu ushbu yilda tug‘ilganlarga qo‘yilgan eng ko‘p ism hisoblanadi. O‘ntalikda, shuningdek, Mustafo (22 880), Abdulloh (18 116), Muhammad (17 025), Muhammadyusuf (13 774), Muhammadamin (12 450), Nurmuhammad (9017), Muhammadjon (8843), Imronbek (8591) va Muhammadziyo (8135) joy olgan.

Qizlarga esa 2023-yilda eng ko‘p Soliha ismi qo‘yilgan (24 365). Kuchli o‘ntalikdana Yasmina (19 911), Muslima (15 918), Xadicha (10 759), Imona (10 310), Shukrona (9330), Samayya (9279), Ifora (7586), Sa’diya (6639) va Mubina (6558) o‘rin olgan.

ismlar

Adliya vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Muhammadali ismi eng ko‘p qo‘yilgan ismlar ro‘yxatida 2019-yildan buyon ketma-ket yetakchilik qilib kelmoqda. Soliha ismi esa 2018-yildan buyon ro‘yhatda yetakchi. Boshqa yillarda quyidagi ismlar eng ko‘p qo‘yilgan:

  • 2015-yil o‘g‘il bolalarga Azizbek, qiz bolalarga Mubina;
  • 2016-yil ham o‘g‘il bolalarga Azizbek, qiz bolalarga Mubina;
  • 2017-yil o‘g‘il bolalarga Muhammadali, qiz bolalarga Madina; (Adliya vazirligi e’lon qilgan ma’lumotida ushbu yilda o‘g‘il bolalarga eng ko‘p Azizbek ismi qo‘yilgani qayd etilgandi)
  • 2018-yil o‘g‘il bolalarga Mustafo, qiz bolalarga Soliha.

Umuman olganda, O‘zbekistonda 2023-yilda 968 140 nafar chaqaloq tug‘ilishi qayd etilgan. Ularning 501 577 nafari o‘g‘il, 466 563 nafari qiz bola.