Toshkent shahri Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudining sobiq sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi Davlat xavfsizlik xizmati. U bu lavozimda 2023-yil 5-dekabrgacha ishlagan.

Sobiq sudya ushbu lavozimda bo‘lishi davrida o‘z ish yurituvida bo‘lgan qurilish firmasi rahbari va boshqalarni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan ayblashga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishi jarayonida hokimiyat harakatsizligi, dalillarni soxtalashtirish, adolatsiz hukm chiqarish hamda tovlamachilik kabi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

To‘plangan materiallar asosida Bosh prokuratura tomonidan JKning 165 (Tovlamachilik), 208 (Hokimiyat harakatsizligi), 230−1 (Dalillarni soxtalashtirish) va 231-moddalari (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

DXX xabarida sobiq sudyaning ismi ko‘rsatilmagan. Sudyalar oliy kengashi esa o‘z xabarida faqat bosh harflarni ochiqladi — Sh. Yu.

Kengash sobiq sudya maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni rad etdi. U “Sudyalar oliy kengashi qarori bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishidan ancha oldin” lavozimidan ozod etilgan va sudyalik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan, deyiladi xabarda.