Toshkent shahri Chilonzor tumanida jamoat tartibini buzib, qoidalarni mensimagan 4 nafar yigitga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi, deb xabar bermoqda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

1-yanvar kuni soat 00:10 atrofida bir necha shaxslar Chilonzor tumani So‘galli ota ko‘chasida avtomobillarni boshqarish paytida turli avariyaviy holatlarni sodir etgan.

Qayd etilishicha, ular shu hududda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, jamiyatdan yurish-turish qoidalarini qasddan buzgani sababli holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Chilonzor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim qilingan.

YHXB tayyorlagan videomaterialdan qoidabuzarlar Cobalt, Gentra, Spark avtomashinalarida harakatlanganini, harakat davomida xavfli manyovrlar, jumladan, drift qilganini ko‘rish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, ularning hech birida avtomobil boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan.

“Bu dadamning mashinasi, moyka qilaman deb olib chiqib ketgandim”, — deydi 19 yoshli yigit.

Ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ko‘rsatilgan qoidabuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, BHMning 1 baravari miqdorida (340 ming so‘m) jarima hamda uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolandi.

Shuningdek, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ikki nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onalariga nisbatan shu kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha chora ko‘rilib, profilaktika ishlari olib borildi.