26-dekabr kuni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov shahar hokimligi huzurida “Ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat prezidentning 2023-yil 28-avgustdagi farmoni asosida qabul qilingan. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida ham shunday kompaniyalarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Injiniring kompaniyalari ko‘p kvartirali uylarni rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashda buyurtmachi funksiyalarini bajaradi, bu borada “rivojlangan tajribalar”ni qo‘llaydi, tanlov natijalari bo‘yicha pudratchilar bilan shartnomalar tuzadi.

Shuningdek, IK ko‘p kvartirali uy-joy fondi obyektlarini aholi punktlarini rivojlantirish sxemalari va bosh rejalari bilan bog‘lagan holda rivojlantirish va modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish dasturlarini ishlab chiqishi va ularning sifatli bajarilishini ta’minlashi, bundan tashqari, ishlab chiqarish quvvatlarini va ijtimoiy soha obyektlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish prognozining bajarilishini ta’minlashi, kapital qo‘yilmalarining o‘zlashtirish samaradorligini oshirishi, investitsion siklning muddatlarini qisqartirishi va boshqalarni qilishi lozim.

Davlat muassasi investitsion dasturlarga kiritilgan loyihalarning parametrlarini aniqlashtiradi va yangi loyihalarni kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, investitsiya dasturlari joylashtiriladigan hududlarda muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirishni (yo‘l infratuzilmasi, oqova suv, issiqlik, elektr, gaz, suv ta’minoti, telefonlashtirish va boshqa masalalar) ko‘rib chiqish va hal etishda ishtirok etadi.

Uning vazifalariga, shuningdek, uylardagi liftlarni almashtirish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish, uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, dam olish obyektlari va ijtimoiy obyektlarni ta’mirlash, uylarni sanatsiya va renovatsiya qilash, uylarni gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlarni ta’mirlash, qurilish maydonchalari tanlash va ajratish bo‘yicha komissiyalar ishida ishtirok etish va boshqalar kiradi.

Bundan tashqari, endilikda ko‘p kvartirali uylarni budjet tizimi budjetlari hisobidan ta’mirlash bilan bog‘liq barcha tadbirlar bo‘yicha ishlab chiqiladigan dasturlar va manzilli ro‘yxatlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan kelishish majburiy bo‘ladi.

Shu bilan birga, IK moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, tegishli ravishda vazirlikning maxsus axborot tizimiga amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritishi kerak bo‘ladi.

Facebook`dagi “UJMSH va u bilan qanday yashash mumkin? (O‘zbekiston)” guruhi administratori Maksim Chernikovning ta’kidlashicha, endi budjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash dasturiga kiritiladigan uylar ro‘yxati majburiy ravishda vazirlik bilan kelishiladi, shuning uchun mahalla qo‘mitalari bundan buyon ushbu hududdagi uylarni o‘z xohishiga ko‘ra kiritish yoki chiqarib tashlash yoki uylarga ajratilgan mablag‘lar parametrlarini o‘zgartirish huquqiga ega bo‘lmaydi.

“Shuningdek, bajarilgan ishlar hajmini tekshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga murojaat qilishingiz mumkin, chunki bu ma’lumotlar vazirlikning maxsus axborot tizimiga kiritilishi shart. Qancha hajm qo‘shilgani va qanchasi amalda bajarilganini tekshirish vazirlik uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Balki endi pudratchilar tomonidan bajarilgan ishlar hajmini oshirib ko‘rsatish, demakki, budjet mablag‘larini o‘g‘irlash holatlari ham kamroq bo‘lar”, — dedi u.

Faol, shuningdek, kompaniyaga malakali xodimlar ishga olinishiga umid bildirdi.