Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan XIX asr oxiriga oid oltin tangani sotayotgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Tezkor tadbirda fuqarolar J.A. va A.J. XIX asr oxiriga oid oltin tangani fuqaro A.Ye.ga 100 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tanga “Petru Bogdanovu 1899” yozuvli, vazni 61,69 gramm va madaniy boylikka taalluqli bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.