Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri, Yunusobod tumanida bir dona eman daraxtiga quruvchilar tomonidan shikast yetkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining xabar berishicha, holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida “Max Processing” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan 1 dona eman daraxti tegishli agrotexnik talablarga amal qilinmasdan Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumaniga ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlandi. Ayni damda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan “Max Processing” mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 151−153-moddalariga ko‘ra Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘ining faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlandi va u 2023-yilning 30-dekabridan 2024-yilning 1-fevraliga qadar ishdan chetlashtirildi.

Vazirning buyrug‘iga asosan, xizmat tekshiruvi davomida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining barcha tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, xodimlarining faoliyati hamda 2021−2023-yillar davomida boshqarma tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni kesishga berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi va asoslari o‘rganiladi.

Poytaxtda moratoriy talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, aholi tomonidan daraxtlarning kesilishi borasida ko‘plab e’tirozlar bildirilayotgani, qonunchilikka amal qilinmasdan daraxtlarni kesishga yoki ko‘chirishga qayta-qayta ruxsatnoma berilayotgani sababli Ekologiya vazirligi 2024-yilning 1-fevraliga qadar Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi vakolatlarini cheklandi.

Xususan, endi daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma berish faqatgina vazirlikning tegishli boshqarmasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.